KOLOSALIKLARGA
MAKTUBI
1Jamoatga salom, Xudoga shukrona
1 Xudoning irodasi ila Iso Masihning havoriysi bo‘lgan men – Pavlus va birodarimiz Timo‘tiydan 2 Kolosa+ 1:2 KOLOSA: bugungi Turkiyaning g‘arbiy tomonida joylashgan qadimiy shahar. U yerdagi Iso Masihga ishonganlarning jamoati majusiy, ya’ni g‘ayriyahudiy kishilardan tarkib topgan. Pavlus ushbu maktubni miloddan keyingi 60-yillarda yozib, imonlilarni mustahkamlash maqsadida turli xurofiy bid’atlarga qarshi ogohlantirmoqchi bo‘lgan. shahridagi Masihga sidqidildan berilgan muqaddas birodarlarimizga salom! 3 Otamiz Xudodan [va Rabbimiz Iso Masihdan] sizlarga inoyat va tinchlik ato bo‘lsin.
Sizlarning haqingizga ibodat qilar ekanmiz, Rabbimiz Iso Masihning Otasi – Xudoga doim shukronalar bildiramiz. 4 Chunki Iso Masihga bo‘lgan imoningiz va butun ahli mo‘minga qo‘ygan mehr-muhabbatingizdan xabardormiz. 5 Bunga sizlar haqiqat kalomi, ya’ni Injil Xushxabari orqali erishdingizlar. Samoda o‘zlaringiz uchun tayyorlab qo‘yilgan xazina to‘g‘risidagi Xushxabarni eshitib, umidvor bo‘ldingizlar. 6 Ana shu Xushxabar butun jahonga ham yoyildi, sizlarga ham yetib bordi. Sizlar Xudoning inoyatini eshitib, chini bilan anglab yetdingizlar. O‘sha kundan beri Xushxabar sizning orangizda tobora tomir yoyib, samara bermoqda.
7 Manfaatingiz yo‘lida Masihning sodiq xizmatkori bo‘lgan sevimli hamkorimiz Epafras ham ana shu xususda sizlarga ta’lim bergan edi. 8 Endi u sizning ilhomli mehr-muhabbatingiz haqida ham bizga xabar qildi.
Pavlusning imonlilar uchun ibodati
9 Shuning uchun biz bu haqda eshitgan kunimizdan beri sizlar uchun ibodat qilishni kanda qilmayapmiz. Xudodan shuni so‘raymizki, Uning irodasini to‘la anglashingiz uchun O‘zi sizlarga har qanday ilohiy hikmat va fahm-idrok ato qilsin, 10 toki sizlar Rabbingizga munosib yashab, Uni har jihatdan mamnun qilinglar, har turli xayrli ishda samarali bo‘linglar, Xudoni tanib-bilib ulg‘ayinglar, 11 Uning ulug‘vor kuch-qudratidan bahra olib, to‘la-to‘kis baquvvat bo‘linglar, hamma narsaga sabr-toqat va sevinch bilan chidab, 12 Otamiz Xudoga shukrona qilinglar. Chunki U O‘z azizlariga va’da qilgan nurli merosdan+ 1:12 NURLI MEROS: Iso Masihga ishonganlarga Xudo tayyorlab qo‘ygan abadiy baxt-quvonch, jannat huzur-halovati; yana qarang: Efesliklar 1-bob, Vahiy 21-22-boblar. bizni bahramand qildi. 13 Bizni zulmat hukmronligidan ozod qilib, sevimli O‘g‘lining Shohligiga ko‘chirdi. 14 Xudoning O‘g‘li bizning o‘rnimizga qurbon bo‘ldi, O‘z qonini to‘kib gunohlarimizni yuvdi.
Iso Masihning kimligi va yumushi
15 Iso Masih ko‘rinmas Xudoning in’ikosidir. U butun maxluqot ustidan, xuddi to‘ng‘ich singari, birinchi o‘rinda turadi. 16 Ko‘kdagi va yerdagi borliq mavjudot, ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan maxluqot, u dunyoyu bu dunyodagi har qanday taxtu toj, saltanatu hukmronlik U orqali yaratilgan. Hamma narsa U orqali va U uchun yaratilgan. 17 Uning O‘zi esa hamma narsadan avval mavjud edi. Borliq mavjudot Uning soyasida mavjuddir. 18 U O‘z badani, ya’ni ummatining boshidir. U o‘liklar ichidan birinchi bo‘lib tirilgani uchun, hammaning ilg‘ori va boshidir. 19 Xudo butun kamolotni Unda jo qilishni xush ko‘rdi. 20 Uning vositasi bilan Xudo yeru ko‘kdagi borliq mavjudotni O‘zi bilan yarashtirishga qaror qildi. Xochda to‘kilgan qonni inobatga olib, Xudo O‘zi yaratganlar bilan sulh tuzdi.
21 Mana, sizlar ham bir vaqtlar yomon ishlar qilib, yaramas fikrda bo‘lib, Xudoga begona va dushman edingizlar. 22 Endi esa Masih O‘zining insoniy badanini qurbonlikka bag‘ishlab, O‘z o‘limi orqali sizlarni Xudo bilan yarashtirdi, Xudo huzuriga sizlarni muqaddas, aybsiz va nuqsonsiz holda taqdim qildi. 23 Sizlar endi eshitgan Xushxabarga qattiq e’tiqod qo‘yib, umidingizdan qaytmasangiz, imoningizda mahkam, og‘ishmay tursangiz, bo‘ldi. Injil Xushxabari osmoni falak ostida Xudo yaratgan barcha jonzodga yetkazildi, men – Pavlus esa bu Xushxabarning fidoyisi bo‘ldim.
Pavlusning Xudodan olgan topshirig‘i
24 Men hozirgi vaziyatda sizlar uchun azob tortayotganimga sevinaman. Masihning O‘z badani, ya’ni ummati uchun tortmagan qayg‘ularini men o‘z tanamda tortib to‘ldiryapman. 25 Xudoning menga topshirig‘i bo‘yicha, men Masih ummati ustidan mas’ul xizmatkor bo‘ldim, Xudo kalomini to‘liq targ‘ib qilish vazifasini o‘z zimmamga oldim. 26 Ana shu kalom o‘tgan asrlar va avlodlardan sir tutilib, hozir esa Xudoning azizlariga oshkor bo‘ldi. 27 Xudo dunyo xalqlari uchun saqlagan ushbu sirning naqadar boy va ulug‘vorligini O‘z azizlariga ochib berishga rozi bo‘ldi, chunonchi ulug‘vor umidimizning mag‘zi – sizning ichingizdagi Masih.
28 Shunga ko‘ra, biz Masihga ishongan har bir odamni mukammal holda Xudoga taqdim etmoqchimiz. Har bir odamga aql o‘rgatib, butun donolik bilan ta’lim-tarbiya berib, Masihni targ‘ib qilmoqdamiz. 29 Men ham ana shu maqsadda jon-jahdim bilan xizmat qilar ekanman, menga kuchli ta’sir qilayotgan Rabbimning qudratiga suyanaman.
2Imonda qattiq turishga undov
1 Men sizlar uchun, shuningdek, Laodikiya+ 2:1 LAODIKIYA: Kolosa shahrining g‘arbiy tomonidagi qadimiy shahar. Pavlus Frigiya o‘lkasini kezganda Laodikiya shahrida ham va’z aytgan, deb hisoblanadi; yana qarang: Havoriylar 18:23, Vahiy 3:14-22. shahridagilar hamda shaxsan yuzimni ko‘rmagan imonlilarning hammasi uchun naqadar zo‘r g‘ayrat ko‘rsatayotganimni bilishingizni istayman. 2 Maqsadim shuki, sizlar dadil bo‘ling, muhabbat ruhida birlashing, fahm-idrok va to‘la komil ishonch bilan Otamiz Xudoning siri – Masihni payqab oling. 3 Chunki hikmat va ilmu ma’rifatning hamma xazinalari Masihda pinhondir. 4 Buni men shuning uchun aytyapmanki, hech kim sizlarni tilyog‘lamalik qilib yo‘ldan ozdirmasin. 5 Men garchi jisman sizning orangizda bo‘lmasam ham, ruhan orangizdaman, sizlarning tartib-intizomingiz va Masihga bo‘lgan sog‘lom imoningizni ko‘rib sevinyapman.
6 Endi sizlar Iso Masihni Rabbimiz deb qabul qilgan ekansizlar, U bilan aloqada bo‘lib yashanglar. 7 Olgan ta’limotingizga muvofiq, Unda tomir yoyib, qaror toping, imoningizda qattiq turing, shu yo‘lda rivojlanib borib, Xudoga shukronalar tilingizdan tushmasin.
Masihning yagonaligi, bid’atlarga qarshi ogohlantirish
8 Ehtiyot bo‘linglar, hech kim falsafa va quruq safsatalar bilan sizlarni avramasin. Bunday gaplar Masihga emas, balki insonlarning an’anasiga, dunyoning xurofiy unsurlariga asoslanadi. 9 Xudoning butun borlig‘i to‘la-to‘kis Masih vujudida mavjuddir. 10 Har turli hukmronlik va hokimiyatning boshi Masih bilan aloqada bo‘lib, sizlar ham to‘la-to‘kis bo‘ldingizlar.
11 Sizlar Masih bilan aloqada bo‘lib sunnat ham qilindingizlar. Bu Masihning sunnati+ 2:11 MASIHNING SUNNATI: Sunnat qiluvchi kichkina teri parchasini kesar ekan, Masih Unga ishongan kishini yomon xulq-atvordan butunlay qutqarib, gunohdan pok qiladi, ruhan sunnat qiladi; yana qarang: Rimliklar 2:25-29. bo‘lib, inson qo‘li bilan qilinmaydi, bu sunnat gunohkor vujudning kesib tashlanishi demakdir. 12 Sizlar imon keltirganda suvga cho‘mib, Masih bilan birga ko‘mildingizlar. Shuningdek, Masihni tiriltirgan Xudoning qudratiga qattiq inonib, Masih bilan birga tirildingizlar. 13 Ilgari sizlar sunnatsiz, ya’ni gunohga botgan holatda bo‘lib, o‘lik edingizlar. Endi esa Xudo barcha gunohlaringizni kechirib, sizlarni Masih bilan birga yangi hayot uchun tiriltirdi. 14 Bizga qarshi yozilgan, mahkumligimizni bildiruvchi aybnomani Xudo o‘chirdi, ya’ni uni Masih bilan birga xochga mixlab, kuchdan qoldirdi. 15 O‘sha xoch orqali ruhiy hokim va hukmronliklar+ 2:15 HOKIM VA HUKMRONLIKLAR: ko‘rinmaydigan olamda hukmronlik qilayotgan shayton va yovuz ruhlar (jinlar). Iso Masih O‘zining o‘limi va tirilishi orqali bu kuchlar ustidan g‘olib keldi, Unga ishongan kishi Uning g‘alabasiga sherik; yana qarang: 1-Butrus 3:22, Rimliklar 8:37-39, Efesliklar 1:21, 6:12. ustidan ham g‘alaba qozondi. Ularning qurol-yarog‘ini olib qo‘ydi-da, ularni O‘zining tantanali yurishida yurgizib, rasvoi olam qildi.
Keraksiz diniy qoidalar
16 Shunday qilib, yegulik-ichgulik, diniy bayramlar, yangi oy yoki dam olish kunlari xususida hech kim sizlarga qonun-qoida chiqarmasin. 17 Bular kelajak dunyoning sharpasigina xolos, asli esa Masihdadir. 18 Farishtalarga sig‘inishni qoyil qiladigan, o‘z xayolida tug‘ilgan “vahiylar”ga maftun bo‘lgan, soxta kamtarlik ko‘rsatib, o‘zining insoniy fikrlashi bilan behuda mag‘rurlanib ketgan hech bir kishi sizlarni vasvasaga solmasin. 19 Bunday kishilar O‘z ummatining Boshi bo‘lgan Masihdan ajralgan. Ana bu Boshdan butun badan hayotbaxsh kuch olib, payu bo‘g‘inlar orqali o‘zaro ulanib, Xudo xohlagan yo‘lda o‘sadi.
20 Agar sizlar Masih bilan birga o‘lgan bo‘lsangizlar, dunyoning xurofiy kuchlari oldida ham o‘lgan bo‘lasizlar. U holda yana nima uchun bu dunyoga qul bo‘lgandek, 21 “tegma”, “tutma”, “yema” kabi qonun-qoidalarga bo‘ysunasizlar? 22 Bu qoidalarning hammasi faqat qo‘llanib yo‘q bo‘luvchi narsalar bilan bog‘liq bo‘lib, insonlarning buyruq va an’analariga tayanadi. 23 Garchi bular natijasida paydo bo‘ladigan beboshlarcha dindorlik, o‘zini mo‘minlikka solish, badanni qiynash odamlarga hikmatday tuyulsa-da, aslida nafsga o‘t, nafsoniyatga dog‘ tushiradi.
3Masih bilan yangi hayotda yashash
1 Sizlar Masih bilan birga tirilgan ekansiz, yuqoridagi, Masih bo‘lgan joydagi narsalarni izlanglar; U samoda Xudoning o‘ng tomonida o‘tiribdi. 2 Fikringiz yer yuzidagi emas, samodagi narsalar bilan band bo‘lsin. 3 Chunki sizlar o‘lgansizlar, yangi hayotingiz esa Masih bilan Xudo huzurida pinhondir. 4 Hayotingizning o‘zi – Masihdir. U olamga qaytib zohir bo‘lgach, sizlar U bilan birga ulug‘vor tusda zohir bo‘lasizlar.
5 Shunday qilib, yerga xos nafsingizni tiyib, fahshbozlik, nopoklik, yomon hirsu havaslar hamda butparastlik bilan teng bo‘lgan tamagirlikni o‘ldiringlar. 6 Bular sababli Xudoning g‘azabi itoatsiz bandalarning boshiga tushadi! 7 Sizlar ham bir vaqtlar bu kishilar bilan yotib-turib, ayni shunday ishlar qilar edingizlar. 8 Ammo endi g‘azab, jahl, ginalarning hammasini bir chetga yig‘ishtirib qo‘yinglar. Og‘zingizdan hech qanday jerkish yoki nojo‘ya so‘z chiqmasin. 9 Bir-biringizga yolg‘on gapirmanglar. Chunki sizlar eski insonni yomon odatlari bilan birga o‘zingizdan soqit qildingizlar. 10 Buning o‘rniga Xudoni tanib-bilish sari yangilanayotgan, Yaratuvchining suratiga+ 3:10 YARATUVCHINING SURATI: Tavrotda: “Xudo odamni O‘zining suratidek, ilohiy suratda yaratdi”, deb yozilgan (qarang: Ibtido 1:26-27). Odamzod gunoh qilib, ruhan va jisman buzilgani uchun, yana Xudo yaratgan asl suratga qaytishi kerak. Iso Masihga ishongan kishida bu yangilanish jarayoni boshlangan; yana qarang: Efesliklar 4:17-24, Rimliklar 12:1-2. o‘xshab borayotgan yangi insonni qabul qildingizlar. 11 Shu nuqtayi nazardan endi na yunoniy bor, na yahudiy; na sunnatli bor, na sunnatsiz; na johil+ 3:11 JOHIL: yunoncha “Varvar”, ya’ni qadimgi yunonlarda chet ellik odam; aynan qarang: Rimliklar 1:14, Galatiyaliklar 3:28. bor, na madaniyatsiz+ 3:11 MADANIYATSIZ: yunoncha “Skif”, ya’ni Qora dengiz bilan Kaspiy dengizi orasida yashagan xalq, rimliklar va yunonlar ularni “g‘oyat madaniyatsiz va vahshiy” deb ta’riflaganlar; yana qarang: Ibtido 10:3.; na qul bor, na ozod. Zero Masih hamma narsadir va hamma narsadadir.
12 Xudo sizlarni azizlarim deb tanlagan, sizlar muqaddassiz. Shunga ko‘ra rahm-shafqat, ko‘ngilchanlik, kamtarlik, muloyimlik va sabr-toqatni zeb-ziynat qilib taqinglar. 13 Bir-biringizga nisbatan chidamli va kechirimli bo‘linglar. Agar bir kishi ikkinchisidan xafa bo‘lsa, Masih sizlarni kechirgani kabi, sizlar ham bir-biringizni kechiringlar. 14 Yana bularning ustiga kamolot cho‘qqisi bo‘lgan muhabbat tojini kiyinglar.
15 Masih ato qilgan tinchlik dilingizda hokim bo‘lsin. Sizlar bir badanning a’zolari kabi tinch-totuv bo‘lishga da’vat etilgansizlar. Shuningdek, minnatdor bo‘linglar. 16 Masihning kalomi sizda chuqur o‘rnashib, yashnayversin. Butun donolik bilan bir-biringizga ta’lim bering, nasihat qiling. Zabur xonishi, ilhomli qo‘shiqlar va madhiyalar bilan, chin ko‘ngildan, minnatdorchilik bilan Xudoni tarannum etinglar. 17 Nima aytsangiz yoki nima qilsangizlar, hammasini Rabbimiz Iso nomidan qilib, U orqali Otamiz Xudoga shukrona aytinglar.
Oila va jamiyatdagi turmush tartibi
18 Ey xotinlar, Rabbimiz bilan aloqada yashovchilarga munosib, erlaringizga itoat etinglar. 19 Ey erkaklar, xotinlaringizni sevinglar, ularga qo‘pol muomalada bo‘lmanglar. 20 Ey bolalar, har narsada ota-onalaringizning so‘ziga quloq solinglar, chunki bu Rabbimizga ma’qul keladi. 21 Ey otalar, ruhiy tushkunlikka tushmaslik uchun bolalaringizni ranjitavermanglar.
22 Ey qullar, dunyodagi xo‘jayinlaringizga har narsada itoat etinglar. Buni insonga yoqmoq uchun, xo‘jako‘rsinga emas, balki soddadillik bilan, Xudodan qo‘rqib qilinglar. 23 Qiladigan har bir ishni insonlar uchun emas, Rabbingiz uchun qilayotganday, chin qalbdan bajaringlar. 24 Xudodan abadiy mukofot olishingizni o‘ylab, Egangiz Masihga xizmat qilinglar. 25 Kimki nohaqlik qilsa, qilmishiga yarasha jazo oladi. Xudo yuz-xotirchilik qilmaydi.
4Alohida pand-nasihatlar
1 Ey xo‘jayinlar, sizning ham osmonda Egangiz borligini bilib, qullaringizga odil bo‘ling, haqini to‘liq beringlar.
2 Toat-ibodatga astoydil berilinglar; ibodat qilishda hushyor bo‘lib, shukrona qilinglar. 3 Shuningdek, bizlar uchun ham ibodat qilinglar: biz Xudoning kalomini targ‘ib qilishimiz va Masih sirini bayon etishimiz uchun O‘zi bir eshikni ochib bersin. Men ana shu sir tufayli qamoqdaman. 4 Bu sirni munosib ravishda izhor eta olishimni Xudodan so‘ranglar.
5 Fursatni g‘animat bilinglar, safingizda bo‘lmaganlar bilan oqilona yo‘l tutinglar. 6 Har bir odamga qanday javob berish lozimligini bilinglar, so‘zingiz hamisha fayzli va mazali bo‘lsin.
Salomlar va tilaklar
7 Rabbimning sodiq xizmatkori, hamkorim va suyukli ukam Tixik men haqimdagi barcha narsalarni sizlarga bildiradi. 8 Ana shu maqsadda uni oldingizga jo‘nataman: u ko‘ngillaringizni tinchitib, ahvolingizdan xabar olib kelsin. 9 Sodiq va sevimli birodarimiz, hamshaharingiz O‘nisim ham Tixik bilan birga oldingizga boradi. Ular bu yerda yuz bergan hamma narsani sizlarga aytib berishadi. 10 Men bilan birga qamalgan Aristarx va Barnaboning jiyani Mark ham sizlarga salom yo‘llayaptilar. Mark haqida buyruq olgansizlar; agar oldingizga borsa, uni yaxshi qabul qilinglar. 11 Yustus laqabli Iso ham sizlarga salom yo‘llayapti. Xudoning Shohligi yo‘lida mehnat qilayotgan bulardan boshqa yahudiy hamkorlarim yo‘q. Ular menga yupanch bo‘lib kelmoqdalar.
12 Iso Masihning quli, hamshaharingiz Epafras sizlarga salom yo‘llayapti. Sizlar Xudoga ma’qul bo‘lgan hamma narsani bajaruvchi yetuk, ishonchi komil kishilar bo‘lib og‘ishmay turinglar, deb Epafras zo‘r g‘ayrat bilan, tinmay ibodat qilmoqda. 13 U sizlar uchun hamda Laodikiya va Iyerapol shaharlaridagi Masih jamoatlari uchun ne-ne zahmatlar chekkaniga o‘zim shohidman.
14 Sevimli tabib Luqo va Dimas sizlarga salom yo‘llashyapti.
15 Laodikiya shahridagi birodarlarga, ayniqsa Nimfa va uning uyida to‘planadigan jamoatga salom aytinglar. 16 Bu maktubim orangizda o‘qib berilgandan keyin, Laodikiyadagi Masih jamoatiga ham o‘qitinglar. Sizlar esa Laodikiyadan keladigan maktubni o‘qinglar.
17 Arxippga: “Sen Rabbimiz yo‘lida bo‘yningga olgan xizmatni ado qilish uchun ehtiyot bo‘l”, – deb aytinglar.
18 Men, Pavlus, o‘z qo‘lim bilan bu duoyi salomni yozyapman. Qamoqda yotganimni esdan chiqarmanglar.
Xudoning inoyati sizlarga yor bo‘lsin. Omin.